Bugun, 18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 35 yil to‘ldi. Uch rang, qizil hoshiyalar, yarim oy va o‘n ikki yulduzdan iborat milliy ramzimiz mustaqillikning ilk kunlaridayoq davlat suverenitetining timsoliga aylandi.
Biroq uning bugungi qiyofasi qanday shakllangan? Bu jarayonda Birinchi Prezident Islom Karimovning qanday ishtiroki bo‘lgan?
Bayroqni yaratish ishlari 1991 yilda mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng boshlangan. Tanlovga respublika bo‘ylab 200 dan ortiq loyiha taqdim etilgan. Ularni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzilgan.
Davlat bayrog‘ining g‘olib deb topilgan eskizi muallifi, xalq rassomi, akademik Anvar Mamajonov bu haqda 35 yil o‘tib o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Uning «Daryo» nashriga bergan intervyusida aytishicha, dastlabki eskizlarda ranglar vertikal joylashtirilgan, o‘rtada esa Samarqand yoki Buxorodagi me’moriy obidalardan biri tasvirlangan. Keyinchalik bu g‘oyadan voz kechilib, yarim oy va bitta yulduz aks etgan variant ishlab chiqilgan.
Bayroq loyihasi muhokamasida Islom Karimov ham ishtirok etgan. Rassomning xotirlashicha, aynan Birinchi Prezident taklifi bilan bitta yulduz o‘rniga o‘n ikki yulduz tasviri kiritilgan. Qizil rang borasida ham fikr almashilgan. Natijada oq rangli maydonning yuqori va quyi qismi ingichka qizil chiziqlar bilan ajratilgan.
Shu tariqa bayrog‘imizning bugungi ko‘rinishi shakllangan.

1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengash «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qildi. Hujjatni Islom Karimov imzoladi. Unda milliy bayrog‘imiz davlat suverenitetining ramzi ekani va xalqaro maydonda mamlakatimizning timsoli bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 1992 yil 2 mart kuni O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. Shu kuni Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohi oldida ham davlat bayrog‘imiz ko‘tarildi.

Islom Karimov uchun bu manzaraning alohida ma’nosi bor edi. Uning bayroq haqidagi samimiy e’tiroflaridan biri shunday: «BMT binosi oldida hilpirab turgan milliy bayrog‘imizni har gal ko‘rganda, ko‘zimga yosh keladi. Shaxsan men uchun eng chiroyli bayroq — O‘zbekiston bayrog‘i».
Bayrog‘imizning xalqaro maydondagi tarixini faqat diplomatik voqealar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U sportchilarimiz g‘alabalari, alpinistlarimiz jasorati va ilmiy izlanishlar bilan ham bog‘liq.
1994 yilda Lillehammerda o‘tgan Qishki Olimpiya o‘yinlarida Lina Cheryazova fristayl bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston hisobidagi ilk Olimpiya medali edi.
1998 yilda uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipov O‘zbekiston bayrog‘ini «Indevor» kosmik kemasida fazoga olib chiqdi. Shu yilning 22 may kuni alpinist Rustam Rajabov Everest cho‘qqisiga ko‘tarilib, u yerga davlat bayrog‘imizni o‘rnatdi.
2000 yilda esa Sidneyda o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida bokschi Muhammadqodir Abdullayev O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib chiqdi. Keyinchalik u musobaqada g‘olib bo‘lib, mamlakatimizga yozgi Olimpiadadagi ilk oltin medalni taqdim etdi.
Bular shunchaki sport natijalari yoki sayohat tafsilotlari emas. Har bir voqeada O‘zbekiston nomi va bayrog‘ining jahonga namoyon bo‘lishi mujassam.
Bugun ham milliy bayrog‘imiz xalqaro uchrashuvlarda, nufuzli musobaqalarda, ilm-fan va madaniyat maydonlarida mamlakatimiz nomidan qad rostlamoqda.
35 yillik tarixga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqatni anglaymiz: bayroq — shunchaki rangli mato emas. U mustaqillikning huquqiy maqomi, xalqning tarixiy xotirasi, buguni va kelajakka ishonchini o‘zida mujassam etgan milliy ramzdir.
Tarixiy xronologiya
1991 yil 11 fevral — O‘zbekistonning davlat ramzlarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu jarayon bayroq, gerb va madhiyani yaratishni qamrab oldi.
1991 yil iyun — Davlat bayrog‘i va gerbi loyihalari bo‘yicha dastlabki tanlov e’lon qilindi. Mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik ham jarayonga jalb etildi. Takliflar keyinchalik umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.
1991 yil — Islom Karimov tanlov qatnashchilari takliflarini umumlashtirishda ishtirok etib, bayroqdagi 12 yulduz g‘oyasini taklif qilgan.
1991 yil 18 noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi 407-XII-sonli Qonunni qabul qildi.
1992 yil 21 yanvar — Islom Karimov O‘zbekiston nomidan BMT Nizomidagi majburiyatlarni qabul qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Hujjat shu kuni BMT Bosh kotibiga taqdim etilgan.
1992 yil 2 mart — BMT Bosh Assambleyasining 46/226-sonli rezolyutsiyasi bilan O‘zbekiston tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib qabul qilindi. Shu kuni Nyu-Yorkdagi BMT bosh qarorgohi oldida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi.
1993 yil 26 oktyabr — O‘zbekiston YuNESKOga a’zo bo‘ldi. O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonasi e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, shu sanadan boshlab milliy bayrog‘imiz Parijdagi YuNESKO qarorgohi oldida ham hilpiray boshlagan.
1994 yil fevral — Norvegiyaning Lillehammer shahrida o‘tgan XVII Qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida o‘z bayrog‘i ostida ilk bor qatnashdi.
1996 yil — Mustaqil O‘zbekiston yozgi Olimpiya o‘yinlarida birinchi marta qatnashdi. Ochilish marosimida milliy bayrog‘imiz jahon davlatlari bayroqlari qatorida namoyish etildi.
1998 yil — Qirg‘izistonlik uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipov «Indevor» kosmik kemasi bortida O‘zbekiston bayrog‘ini fazoga olib chiqdi.
1998 yil 22 may —O‘zbek alpinisti Rustam Rajabov Jomolungma (Everest) cho‘qqisini zabt etdi va u yerga davlat bayrog‘imizni o‘rnatdi.
2019 yil 18 iyul — O‘zbekistonlik Sharof Egamberdiyev Yevropaning eng baland nuqtasi — Elbrus cho‘qqisida davlat bayrog‘imizni ko‘tardi.
2021 yil 1 iyun — Sergeya Denisenko Everest cho‘qqisiga ko‘tarilib, u yerda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tardi. Ushbu ekspeditsiya mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan edi.
2023 yil 7 iyul — Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Endilikda bayroqdan jamoat joylarida, uy-joy va ish joylarida, transport vositalari salonida foydalanish, uning tasvirini kiyimlarda aks ettirish uchun qo‘shimcha huquqiy imkoniyatlar belgilandi.
2024 yil 10 oktyabr — Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish bilan davlat chegarasidan o‘tish punktlarida O‘zbekiston bayrog‘ini doimiy ravishda o‘rnatish nazarda tutildi.