Islom Karimov nomidagi kutubxonada Yodgorlik majmuasi Vasiylik kengashi a’zosi Tatyana Karimova bilan taniqli kinorejissyor, operator va stsenariynavis Nabi Razzoqov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvga sabab — ijodkorning o‘z shaxsiy arxivida saqlanayotgan badiiy va hujjatli kitoblar, suratga olgan filmlari hamda ularga oid video-materiallarni kutubxonaga taqdim etish istagi bo‘ldi.
Ushbu materiallar orasida rejissyorning 1990-yillarda suratga olgan «So‘nggi qatag‘on» hujjatli filmi ham bor. Unda 1983–1989 yillarda O‘zbekiston SSRda «Paxta ishi» va «O‘zbeklar ishi» doirasida kechgan siyosiy jarayonlar, ommaviy ta’qiblar hamda bu voqealarning keyingi bosqichlari haqida hikoya qilinadi.
Nabi Razzoqov, shuningdek, Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan tarixiy shaxsga bag‘ishlangan «Shermuhammad qo‘rboshi», Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek xalqining mehribonligi va insonparvarligini aks ettirgan «Bolalikning so‘nggi yozi» kabi hujjatli filmlar muallifi hamdir.
Uchrashuv yakunida Tatyana Karimova ijodkorga majmua tomonidan nashr etilgan, Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlangan kitoblarni sovg‘a qildi.